Korrupsiya

Korrupsiyaga qarshi kurashish -jamiyat taraqiyotining omili

“Korrupsiya” lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, «yemirilish», «sotilish», “og‘machi” kabi ma’nolarni anglatadi. Korrupsiya mansabdor shaxsning o‘z mavqei va vakolatlaridan, unga ishonib topshirilgan huquqlardan foydalanib, o‘z manfaatlarini ko‘zlab, axloq va odob qoidalarini buzgan holda amalga oshirgan jinoiy harakatlari yig‘indisidir. Korrupsiyaga katta huquq berib qo‘yilgan har qanday hokimiyat mansabdor shaxslari – sudyalar, deputatlar, mas’ul shaxslar, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari aralashishi mumkin.

Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir.
Mansabni suiiste’mol qilish korrupsiyaning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, unda jinoyat yakka shaxs hamda bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi mumkin.

Korrupsiyaning qator turlari bo‘lib, bunda maishiy korrupsiya.
Bu turdagi jinoyatda fuqaro o‘z ishini bitirish uchun mansabdor shaxsga sovg‘a, pora beradi, mansabdor shaxs o‘z mansab vakolatini sotib, qonunga zid ravishda fuqaro tomonidan berilgan sovg‘a yoki pora evaziga uning ishini bitirib beradi.

Ishbilarmonlik korrupsiyasi- davlat xizmatchilari va tadbirkorlar o‘rtasida sodir etiladi. Ya’ni, tadbirkor o‘z ishini bitirish uchun davlat xizmatchisiga pora beradi yoki xizmat qiladi, davlat xizmatchisi esa, ushbu tadbirkorni berilgan pora yoki ko‘rsatilgan xizmat evaziga doimiy ravishda qo‘llab yuradi.
Hozirda korrupsiyani to‘liq bartaraf etgan biron-bir davlat yo‘q, lekin korrupsiyani sezilarli darajada yengan davlatlar mavjud. Bunga misol tariqasida Singapur, Gonkong, Portugaliya, Shvetsiya, Finlyandiya davlatlari kiritilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda- ichki nazorat, bunda rahbar tomonidan har bir xodimga biriktirib berilgan vazifaning bekamu-ko‘st, to‘g‘ri, o‘z vaqtida, halol bajarilishi doimiy nazoratda ushlab turiladi. Tashqi nazoratda esa sud hokimiyatining to‘liq mustaqil bo‘lishiga, hokimiyatlar o‘rtasida bir-birini tiyib turish prinsipiga to‘liq amal qilinishiga, so‘z va vijdon erkinligiga, ommaviy axborot vositalarining to‘liq erkin harakat qilishiga bog‘liqdir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekanligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz «Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur», deb ta’kidladi.

2017 yil 4 yanvardan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari mustahkamlangan. Unga ko‘ra, qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplaridir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sirasiga aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish kiradi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash ham shular jumlasidandir.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi vakolatli organlar tizimi keltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridir. Qonunga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga asosan boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.

Qonundan kelib chiqib korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va ularning tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid faoliyat yanada takomillashadi.
Ishlar samaradorligini oshirish maqsadida qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyalarni tashkil etish nazarda tutilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bunday komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Qonundagi e’tiborli jihatlardan yana biri, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ishtirok etishi mexanizmlari belgilanganidir.
Zero, bu institutlar jamiyatda jamoat nazorati qaror topishida, adolat muvozanati ta’minlanishida o‘ziga xos o‘rin tutib kelmoqda. Ularning jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi korrupsiya illatiga qarshi kurashishda ishtirok etishi shu yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Qonunning 26-moddasiga muvofiq davlat organlari xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga oid barcha hollar to‘g‘risida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shart. Ushbu majburiyatning davlat organlari xodimlari tomonidan bajarilmasligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, yangi qonun nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi mustahkamlanishi, balki har bir rahbar, har bir fuqaroning o‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan, halol ado etishini talab etib, bu mamlakatimizda sog‘lom muhit qaror topishiga, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik yanada mustahkamlanishiga va jamiyat taraqiyotiga xizmat qiladi.

Luqmon Kadirov, Buxoro viloyat sudining raisi

Luqmon Kadirov, Buxoro viloIlhom Djurayev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudining raisi

Mavzuga oid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Back to top button