BuxoroSud

O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – Inson huquqlari va erkinliklarining mustahkam poydevori

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi dunyo xamjamiyatida ozining umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanligini, insonning eng oliy qadriyat sifatida talqin etilishi bilan oz orniga ega. Konstutsiyamizning barcha goyalari, avvalo , inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bolip, davlatning roli ushbu huquq va erkinliklarini taminlashda aks etadi.
Yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlab qoʻyilgan.
Konstitutsiyada insonning huquq va erkinliklari yashash huquqidan boshlanadi. Hayot oliy qadriyat hisoblanib, insonning hayotiga daxl qilishga hech kimning haqqi yoʻq.
Shaxsning fikr va soʻz erkinligi Konstitutsiyaviy huquqning eng muhimlaridan biridir. Har bir shaxs har qanday voqea hodisaga nisbatan oʻz shaxsiy fikriga ega boʻlib, u oʻz fikrini oshkora aytish huquqiga egadir. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respubliksining Konstitusiyasi xalqimiz siyosiyhuquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitusiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy va harbiysalohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchqudrati natijasidir.
Konstitusiyaning 7 moddasida mustahkamlangan “Xalq davlat hokimiyatining birdan – bir manbaidir”degan ulug‘vor g‘oyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Shu bilan birga, harkim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblan masligi to‘g‘risidagi konstitusiyaviy normalarni amalda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
Albatta, bu qoidani hayotga to‘liq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambar-chas bog‘liq. Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi. Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi.
Shu borada jahon tajribasini chuqur o‘rganilib, o‘z tariximizda birinchi marta bunday yangiliklar amalga oshirldi. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi. Sodda qilib aytganda, sudya muddatsiz davrga tayinlansin, lekin u doim xalqparvar bo‘lib, adolatli ish olib borsin. Sudya adolatli hukm chiqarishi uchun avvalo xalqni, uning hayotini,dardu tashvishlarini yaxshi bilishi kerak.
Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin. Ilgari har bir tumanda bunday sudlar bo‘lmagani tufayli odamlar o‘z muammolarini vaqtida hal qilolmasdan sarson bo‘lar edi. Sudlarning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
“Sudtergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga binoan bundan buyon O‘zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi. Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan harqanday ma’lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Qiynoqqa solish, himoyaga bo‘lgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qo‘llash man etiladi. Dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinadi.
Endilikda advokatlar jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi. Bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi kerak. Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni qat’iyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi. Eng muhimi, noqonuniy usullar qo‘llash to‘g‘risidagi bironta ham xabar e’tiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlaydi.
Ozbekiston yangilanish jarayonida sud huquq sohasini tubdan isloh qilishga alohida ahamiyat berilayotganligi bejiz emas.Chunki,Konstitusiyamizda mustahkamlangan inson huquqlarini ta’minlash ushbu islohotlarning amaliy natijasi bilan bevosita bog‘liqdir. Bu yangilanish jarayonida eng asosiy e’tibor fuqarolarimizga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabulqilindi. Shu asosda aholi uchun maqbul bo‘lgan usullar “ishonch telefonlari” va tezkor aloqa telefonlari orqali hamda videokonferensaloqa vositasida murojaat qilish tartibi joriy etildi. Fuqarolarimizning Konstitusiyada muhrlab qo‘yilgan davlat organlari va muassasalariga, xalq vakillariga murojaat qilish huquqlarini ta’minlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaxslarning o‘zi xalqimiz oldiga bormoqda. Bu- katta o‘zgarish. “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida” yangi Qonun qabul qilinishida fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yanada oshirildi. Bundan keyin fuqarolarimiz har qanday davlat organi, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan huquqiy axborotni hech qanday cheklovsiz olishi kafolatlanadi. Nima uchun bunday qoida joriy etildi? Odamlar so‘rab borsa, tumandagi eng kichik amaldor ham birorta hujjatni ularga bermaydi. Bunga kattalar ruxsat bermaydi, deb bahona qiladi. Bu muhum hujjatga muofiq , endilikda eng quyi bo‘g‘indagi rahbarlargacha xalqimiz xizmatida bo‘lishini anglashimiz mumkin. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarimiz tizimini takomillashtirib borish Konstitusiyamizda muhrlab qo‘yilgan. “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida”degan normalarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida yangi institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti ta’sis etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Uning jazoni ijro etish muassasalarida nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlari kengaytirilgan. Adashib jinoyat yo‘liga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bag‘riga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham O‘zbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir. Yuridik sohadan yiroq bo‘lgan odamlar amnistiya va afv degan tushunchalarning farqiga bormasligi sir emas. Mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinadi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi. Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan. Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e’tiborga olindi. Chuqur tahlil va o‘rganishlar natijasida chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar afv etildi. Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga axborot kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Mahallalar, ko‘chalar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi o‘rnatildi. Ularning yordamida 10mingga yaqin jinoyat fosh etildi. Yil davomida jinoyatchilik darajasi 2016 yilga nisbatan 14 foizga kamaydi va bunda ana shu ishlarning ahamiyati katta bo‘ldi. Kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’nodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerakligi va “Xavfsiz shahar” loyihasini hayotga tatbiq etish natijasida samarali ishlar olib borilmoqda . Jamiyatimizda “Qonun va adolat ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar”degan prinsipni qaror toptirish uchun barchamiz oz kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz maqsadga muvofiq. Mazkur yo‘nalishdagi e’tiborga molik ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganligi alohida ta’kidlash lozim.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini berdi. Huquqnimuhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay o‘zgarmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qo‘rqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi.
Ma’lumki, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi”to‘g‘risidagi norma belgilab qo‘yilgan. Uning ijrosini amalda ta’minlash maqsadida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi.
Konsyepsiyaga asosan davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi va maxsus “yo‘l xaritasi”bo‘yicha 100 dan ortiq ijro hokimiyati organlari faoliyati qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ma’muriy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad ixcham va professional ijro organlari tizimini, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimini yaratishdan iboratdir.
Xulosa o`rnida shuni takidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq.
Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitusiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirilmoqda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifadir.

Alisher BAHROMOV, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi

Nurbek RAXIMOV, Buxoro viloyat sudining bosh konsultanti

Mavzuga oid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Back to top button