Islohotlar

Respublikamizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar

Ma’lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustivor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Xususan, sud-huquq sohasida o‘tkazilgan islohotlar natijasida fuqarolarning sud orqali himoyalanish kafolatlari yanada kuchaytirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunidan ham bilib olishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 285-moddasiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi tomonidan sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza bilan javobgar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sudga shu hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n besh kun ichida uni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida murojaat qilishga haqli. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksning 287 – 291-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi va bu haqda sud tomonidan ajrim qabul qilinadi.

Endilikda O‘zbekiston Respublkasi Fuqarolik Protsessual kodeksiga 2851-moddasi bilan to‘ldirilib, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan ushbu Kodeksning 44-bobida nazarda tutilgan tartibda apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkinligi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 383-moddasiga ko‘ra, sudning hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya shikoyati (protesti) berish huquqi belgilanib, unda taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkinligi belgilangan.
Apellyatsiya tartibida berilgan shikoyatlarni ushbu kodeksning 384-moddasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan; O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi — hududiy harbiy sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati – Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rib chiqadi.

Kodeksning 3851-moddasiga asosan apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsga qaytariladi. O‘tkazib yuborilgan muddat, agar muddatni o‘tkazib yuborish sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra birinchi instansiya sudining ajrimiga binoan tiklanishi mumkin.

O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi masala ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qilinadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Davlatimiz tomonidan sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar har bir inson haqida g‘amxo‘rlik qilishdir.

Luqmon Kadirov, Buxoro viloyat sudining raisi

Ilhom Djurayev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudining raisi

Related Articles

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Back to top button