“Nasha” plantatsiyasiga aylangan tomorqa
Toshkent viloyati. Viloyat IIBB xodimlari tomonidan “Qora-dori 2021” tezkor tadbirini o‘tkazish davomida Ohangaron tumani Yangibozor ko‘chasida yashovchi 38 yoshli B.J.ning xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda, tomorqaning 200 m2 ochiq maydonida yashil rangli o‘tkir hidli giyohvand o‘simligiga o‘xshash o‘simliklar zich holatda ekilganligi, tomorqada joylashgan makkajo‘xori ekinlari orasida esa 59 tup yashil rangli o‘tkir hidli giyohvand o‘simligiga o‘xshash o‘simlik tuplari va yelim idishda 8 tup yashil rangli o‘tkir hidli giyohvand o‘simligiga o‘xshash o‘simlik tuplari parvarishlab kelinayotganligi, hovlida xam 1 tup quruq holdagi o‘tkir hidli giyohvand o‘simligiga o‘xshash o‘simlik saqlanayotganligi aniqlangan bo‘lib mazkur o‘simliklar o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, tadbir davomida B.J.ning xonadonidan olingan jami 803 tup va 171 gramm miqdordagi ho‘l holdagi o‘simlik tuplari tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu o‘simlik moddalari “kannabis” giyohvandlik vositasi turiga kirishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan B.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti