O‘zbekistonda qurilish va uy-joy sektorlarining yashil kelajagi
Global isish va barqaror turmush tarziga o‘tish mavzusi tobora dolzarb bo’lib bormoqda. 2021-yilning noyabr oyida Glazgoda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konventsiyasi ishtirokchilarining 26-konferentsiyasi (COP26) global oʻrtacha haroratning 1,5 darajaga oshishiga yoʻl qoʻymaslik uchun inson faoliyati natijasida chiqadigan issiqxona gazlarini kamaytirish boʻyicha barcha davlatlar tomonidan shoshilinch choralar koʻrilishi muhimligini yana bir bor taʼkidladi.
Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij Bitimi maqsad va vazifalariga erishish uchun Oʻzbekiston milliy shart-sharoitlardan kelib chiqib, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻridan-toʻgʻri issiqxona gazlari emissiyasini (2010 yil darajasidan) 35 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.
Milliy darajada amalga oshirilayotgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va islohotlardan tashqari, bir qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning 2030 yilgacha yashil iqtisodiyotga o‘tish harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. 2017-yildan BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda va Global ekologik fond (GEF) grant mablag’lari ko’magida “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston qishloq aholisini yaxshilangan, arzon va ekologik toza yashash sharoitlari bilan ta’minlashdan iborat.
Tabiiy resurslardan samarali foydalanish – barcha ishlab chiqarish jarayonlarida energiya samaradorligini oshirish kontseptsiyasining eng muhim omilidir. Qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalaridan keng foydalanish nafaqat atrof-muhitga salbiy ta’sir ko’rsatmaydi, balki yoqilg’i-energetika resurslarini tejash imkonini beradi. QTEdan samarali foydalanish, isitish, issiq suv ta’minoti va yoritish hamda zarur maishiy texnika vositalaridan foydalanish uchun iste’mol qilinadigan tabiiy gaz va elektr energiyasini tejagash orqali aholi xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
O‘zbekistoning qishloq joylarida energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarni loyihalashtirishning asosiy vazifasi atrof-muhitni yaxshilash, mamlakat aholisi uchun yanada qulay va sog‘lom turmush sharoitlarini yaratishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi Iqtisodiyot va ijtimoiy tarmoqlarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan PQ-4422-son qarori energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga xizmat qilmoqda. Prezidentning 2018-yil 14-noyabrdagi PF-5577-sonli Farmoniga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan boshlab barcha uy-joy qurilishi obyektlari loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bosqichida energiya tejamkor va energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlanishi lozim. Loyihaning ko’magi tufayli respublika hududlarining qishloq uy-joylari qurishda energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalanish, energiya tejamkorligini oshiradi va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi.
Energiya tejamkor va kam uglerodli turar-joy binosi – bu foydalanish jarayonida energiya resurslaridan samarali foydalanadigan, shu bilan birga xonadonlarda ko’proq qulaylikni ta’minlash orqali issiqlik va elektr energiyasi kam iste’mol qilinadigan ko’p qavatli turar-joy binosidir. Qulaylik, tejamkorlik va barqarorlik energiya tejamkor va kam uglerodli turar-joy binolarini an’anaviy binolardan ajratib turadi. Bunday ko’p qavatli binolar tashqi ko’rinishidan odatiy binolardan farq qilmaydi, ammo ular “yashil” qurilish materiallari, uskunalar va texnik echimlar ishlatilganligi tufayli yashash uchun ko’proq qulaylik yaratadi.
Bunday “yashil” binolarni loyihalashning asosiy tamoyili issiqlik yo’qotilishini kamaytirish uchun ilg’or texnologiyalardan foydalanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarida, xususan, quyosh energiyasida ishlaydigan maishiy uskunalardan foydalanish hisoblanadi. Ushbu binolarni qurishda bazalt tolasi asosidagi mineral jundan tayyorlangan issiqlik izolyatsiya materiallar qo’llaniladi. Binoning mustahkam izolyatsiyalangan tashqi konstruktsiyalari qishda issiq va yozda yoqimli salqinlikni saqlaydi.
Qishloq joylaridagi uy-joy davlat qurish dasturi doirasida 2020-yilda Toshkent, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilgan 22 ta to‘rt qavatli 24 xonadonli uylarning tomida, GEF grant mablag’lari hisobidan “yashil ipoteka” asosida, 600 vatt quvvatga ega quyosh fotoelektr tizimlari (quyosh panellari) o’rnatilgan. Ushbu qurilmalar xonadonlarni yoritish, quvvatlash moslamalari, televizor va muzlatgich uchun elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Qurilgan kam uglerodli ko’p qavatli uylarda oilalar yashamoqda. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi shunday xonadonlardan birining egasi Feruza Shokirova o‘zining yashash tajribasi haqida shunday deydi: “Ushbu uy ham, bizning xonadonimiz ham qulay va tejamkor. Bu yil biz iste’mol qilingan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to’lovlarni sezilarli darajada tejadik. Biz asosan quyosh panellari energiyasidan uylarimizni yoritish, televizor tomosha qilish va shaxsiy qurilmalarni zaryadlash uchun foydalanamiz”.
Feruza Shokirovaning qo‘shnisi Madina Nurchayeva bunday uyda elektr ta’minotida muammo yo‘qligini ta’kidladi. “Yana bir afzalligi shundaki, uylardagi harorat osongina nazorat qilinadi. Hech qanday qizib ketish yo’q, qishda va yozda qulay harorat saqlanadi”, deydi Madina.
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kam ta’minlangan oilalar va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadonlar berilmoqda.
“Qizim Ra’no bilan shunday uyda imtiyozli honadon sotib olganimizdan xursand bo‘ldik, – deydi Navbahor mahallasidagi energiya tejamkor va kam uglerodli 22-uyda yashovchi Rahima Salimova. – Kundalik ehtiyojimiz uchun quyosh panellaridagi elektr energiyasidan foydalanamiz. Bundan tashqari, mahalliy maishiy texnika ushbu quyosh barateyalari quvvatida hech qanday muammosiz ishlaydi. Bu bizning oilaviy byudjetimiz uchun katta tejamkorlikdir”.
Qurilish sohasi vakillari ta’kidlashicha, mamlakatimizda, ayniqsa, qishloq joylarda bunday loyihalarning amalga oshirilishi iqtisodiyot barqarorligi, jamiyat farovonligi va qulay muhitni ta’minlash, aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Quyosh panellarini o‘rnatish – aholiding yashash sharoitini yaxshilashning ajoyib yechimi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo viloyati Gulzor mahallasidagi energosamarador uyidagi xonadon sohiblaridan biri Zafarjon Otamuratov. – Elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolarimiz yo‘q. Barcha xonadon egalari bundan xursand.”
2021-yilda O‘zbekistonda 30 ming energiya tejamkor honadon qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda O‘zbekistonning qishloq joylarida quriladigan energiya tejamkor uylarda yana 60 ming xonadon foydalanishga topshirish bo‘yicha 2022-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqilmoqda.
Murojaat uchun: Timur Ibragimov, loyiha rahbari. Tel: (94) 635 53 35
Maʼlumot uchun: BMTTD inqirozga bardosh bera oladigan mamlakatlarni barpo etishga ko‘maklashish, barcha uchun hayot sifatini yaxshilaydigan o‘sishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha ijtimoiy darajadagi odamlar bilan hamkorlik qiladi. 177 mamlakat va hududlarda biz odamlarning imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror mamlakatlarni qurishda yordam berish uchun global istiqbol va tushunchalarni taqdim qilamiz. uz.undp.org.
Biz bilan bog‘laning: UNDP Uzbekistan on Twitter | on Facebook |
Batafsil maʼlumot: Our work | UNDP Uzbekistan News |